Hozirgi kundagi yangi paydo boʻlgan bidatlar ham turli koʻrinishda boʻlib, ular etiqod, ibodat va urfga taalluq topadi.
Etiqoddagi taalluqli bidatlar:Qabr ziyorat qilishdagi bidatlar.Musulmon kishi oʻzining iymon va etiqodiga binoan barcha hojatlarini faqat yagona Alloh taolodan soʻrashi shart. Qabrlarni ziyorat qilish – sunnat amal.
Bu borada hadisi sharifda:
Sulaymon ibn Burayda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qiladilar:
“Payǵambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarga qabrlar ziyoratini taqiqlagan edim. Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ga onasining qabrini ziyorat qilishga ruxsat berildi. Endi qabrlarni ziyorat qilavering. Zero, u sizlarga oxiratni eslatadi”dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam islomning ilk davrida qabrlarni ziyorat qilishni taqiqlagan edilar. Chunki bu paytda johiliyat davrining bazi odatlari saqlanib qolgan boʻlib, ayrim qabilalar maqtanish hamda ǵururlanish uchun oʻliklarning qahramonliklarini sanab, baqir-chaqir, oshkora yiǵi-siǵi qilardi. Islom odob va axloqi insonlar qalbiga oʻrnashgach, qabrlar ziyoratiga ruxsat berildi. Takidlab oʻtish joizki, qabrlar ziyorati oxiratni eslash uchun, ammo qabrlar ziyoratining asl mohiyatini unutib, uluǵ avliyolar qabrlariga borib, hojatlarini soʻraydigan, baxtini soʻrab, befarzandlar farzand talabida, ishiga rivoj tilab boradiganlar, istaklarini sohibi qabrlardan soʻraydigan boʻlib qolishgan. Har qanday istak yoki tilaklarni faqat yolǵiz Allohdan soʻralishi kerak. Bundan tashqari aziz-avliyolarga atab qabristonlarda qurbonliklar qilish, qabrlarni tavof qilish ham bidatdir. Ayrim kishilar shifo tilab, befarzandlar farzand talabida yo boshqa hojatlarini marhumlardan soʻrash bilan qabrlarni tavof qiladilar. Ustun va burchaklarni silab, yuzlariga surib, ostonasini oʻpadilar. Nola qilib: «Oldingizga umid bilan uzoqdan keldim, duolarimni qabul qiling», deya iltijo qiladilar. Bunday qilish mumkin emas. Bu ishlarning barchasi bidat va xurofot amallardan. Bu ishlarni bajargan kishi gunohkor boʻladi. Axir, hech narsaga yaramaydigan oddiy bir lattani daraxtga boǵlab, hojatim ravo boʻladi, deyish mantiqqa ham toʻǵri kelmaydi-ku.
Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Allohni qoʻyib, Qiyomat kunigacha ham (duoni) mustajob qila olmaydigan butlarga duo-iltijo qiladigan kimsadan ham yoʻldan ozganroq kim bor?! Holbuki, u (jonsiz but)lar oʻsha (mushrik)larning duolaridan ǵofildirlar! “Ahqof” surasi, 5-oyat.
Abdulloh ibn Masud roziyallohu anhu rivoyat qiladilar:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan boshqaga duo qilib vafot etsa, doʻzaxga kiradi”, dedilar”.
“Raddul Muxtor” kitobida shunday deyilgan: “Avom xalq tarafidan oʻliklarga atab nazr qilish, Allohning doʻstlari qabrlariga ularga yaqin boʻlish maqsadida tangalar tashlash, sham, chiroqlar yoqish botil va haromdir”.
“Asar ketib, qabr oyoq osti boʻlmasligi uchun yozib qoʻyishga ehtiyoj tuǵilsa, (belgi sifatida) yozib qoʻyishni zarari yoʻq” (“Roddul Muxtor”).
Qabrga dafn etilgan kishiga belgi boʻladigan miqdorda yozish joiz, lekin undar ortiq yozish joiz emas. Agar yozishga hojat yoʻq boʻlsa, yozmagani avlodir. Qabrga oyat va hadislarni yozish mutloq joiz emas.
“Qurondan biror narsani yozish makruhdir” (“Roddul Muxtor”).
Ibodatlardagi bidatlar: Namozdan keyingi zikr va tasbehotlar.
Bu borada kimlardir farz namozidan keyinoq zikr qilish kerak desa, yana kimlardir unda tasbeh ishlatish bidat deydi. Bazilari esa namozlardan keyin jamoa boʻlib zikr aytish - bidat deydi. Quyida dalillar bilan batafsil oʻrganib chiqamiz.
Farz nomozidan keyinoq zikr qilish kerak deydiganlarga: Bizning yurtimizda asrlar davomida tasbehotlar farzlardan soʻng sunnati boʻlsa, ularni ado qilib boʻlingandan keyin oʻqib kelingan. Hozirgi kunda bazilarni farzni oʻqib boʻlib, tasbehlarni aytayotganini koʻrishimiz mumkin. Chunki namozdan keyingi zikrlar bayonidagi hadisi shariflardan bu zikrlar sunnat namozlaridan oldin qilinishiga dalolatlar yoʻq. Balki sunnatlardan keyin keltirish kerakligi chiqadi. Zotan, sunnatlar farzlarga yopishgan, ergashgan namozlar sifatida farzlarni mukammal qilish uchun mashru boʻlgandir. Binobarin, ularni farzlardan ajratilmaydi.
Muhammad ibn Ahmad Al-Beruniy oʻrta maxsus islo bilim yurti oʻqituvchisi Narmanov Manas